Yakkabogʻ tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Qashqadaryo viloyati |
Maʼmuriy markazi | Yakkabogʻ |
Asos solingan sanasi | 1926-yil |
Hokim | Abdullayev Lutfiddin Djoʻrayevich |
Aholi (2022) | 271,0 ming kishi |
Zichligi | 208,5 kishi./km² |
Dinlar tarkibi | musulmonlar |
Maydoni | 1 300 km² |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Pochta indeksi | 181400 |
Rasmiy sayti | https://yakkabog.uz/ |
Xaritada | |
38°48′0″N 66°52′0″E / 38.80000°N 66.86667°E |
Yakkabogʻ tumani — Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Yakkabog'da "Qizildaryo" suv irmog'i bor bo'lib Hisor tog'laridan tushib keladi va butun boshli tumanni suv bilan taminlaydi. Bundan tashqari Yakkabog'da "No'g'ayli" suv ombori bor.Bir nechta dam olish maskanlari bor Misol uchun "Mirzo Ulug'bek","Qaldirg'och", "Istiqlol g'unchalari", "Yosh kimyogar" va hakazo.Shimoldan Chiroqchi, Shahrisabz, sharq, gʻarb va janubdan Qamashi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,3 ming km2. Aholisi 320,0 ming kishi (2023 dekabr). Tumanda 1 shahar (Yakkabogʻ)[1], 1shaharcha (Eski Yakkabogʻ), 10dan ortiq qishloq fuqarolari yigʻini (Kenguzar,Samoq, Sandal, Xiyobon, Chaydari, Esat, Oʻrta, Qayragʻoch, Qishlik, Qoʻshchinor) bor. Tuman markazi – Yakkabogʻ shaharchasi.[2][3]
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yakkabogʻ tumani Qashqadaryo viloyatining sharqiy qismida joylashgan. Hududining sharqiy chekka qismlarida Hisor tizmasining, balandligi 2500 m gacha boʻlgan, janubi-gʻarbiy tarmoqlari (Chaqchar, Beshnov, Xontaxta) bor. Bu togʻlar gʻarbga tomon pasayib, Qashqadaryo tekisliklari bilan qoʻshilib ketadi. Togʻ etaklari adirlardan iborat. Togʻlardan koʻp daryo va soylar oqib tushadi. Asosiy daryosi – Yakkabogʻdaryo (Qizildaryo) va uning irmoqlari (Choʻyanlisoy, Tirnasoy). Iqlimi kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati –1 °C, eng past harorat –25 °C. Iyulning oʻrtacha harorati 28,5 °C, eng yuqori harorat 44 °C. Yillik oʻrtacha harorat 15 °C. Tumanning oʻziga xos relyefi (gʻarbga tomon pasayib borishi) hududga bahorikor dehqonchilik uchun yetarli nam tushishiga sharoit yaratgan. Oʻrtacha yillik yogʻin 350 mm dan (tekislik qismida) 450 mm gacha, togʻlik qismida yogʻin koʻproq. Yogʻinning asosiy qismi (70%) bahor va qish fasllariga toʻgʻri keladi. Suv sarfini tekislash maqsadida daryo va soylarga toʻgʻonlar qurib suv omborlari barpo etilgan. Qorabogʻ, Noʻgʻayli, Yangiqoʻrgʻon va boshqalar suv omborlari, Darxon, Beshariq, Xoʻjailgʻor, Qurjab ariqlari tumanning asosiy sugʻorish shoxobchalaridir. Sugʻorishda artezian quduqlari suvlaridan ham foydalaniladi. Tuproqlari, asosan, tipik boʻz tuproq, togʻlarda qoʻngʻir boʻz tuproq. Oʻsimlik dunyosi xilma-xil. Tekisliklarda, asosan, choʻl efemer oʻsimliklari, shuvoq, yantoq, shoʻra, archa, mevali yovvoyi daraxtlar (olcha, nok, olma, pista, doʻlana, bodom va boshqalar), zarang, qatrangʻi, zirk, itburun va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, quyon, qobon, ayiq, qoplon, boʻrsiq, kiyik; parrandalardan kaklik, bedana, toʻrgʻay, qargʻa, chumchuq, qaldirgʻoch va boshqalar, kemiruvchilardan sichqon, kalamush; sudralib yuruvchilardan turli xil zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar; suv havzalarida sazan, laqka, marinka baliqlari yashaydi. Foydali qazilmalardan toshkoʻmir, kumush, qoʻrgʻoshin, mis, rux rudalari, neft bor. „Hisor qoʻriqxonasi“ mavjud.[4]
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojiklar, qozoqlar, ruslar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 208,5 kishi (2022). Shahar aholisi 88,3 ming kishi, qishloq aholisi 182,7 ming kishi (2022).
Iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yakkabogʻ tumanida jami 2300 dan ziyod korxona, tashkilot va savdo shoxobchasi ishlab turibdi. Paxta tozalash, un tortish, „Sharobkonserva“ zavodlari, Yakkabogʻ toʻqimachilik kombinati, MTP, qishloq xoʻjalik mashinalarini taʼmirlash korxonalari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, mikrofirmalar, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston–Germaniya „Yakkabogʻteks“, Oʻzbekiston–Rossiya „al-Maʼruf“ qoʻshma korxonalari, shirkat uyushmalari, jamoashirkat, fermer xoʻjaliklari va boshqalar bor. Qishloq xoʻjaligida paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, ipakchilik bilan shugʻullaniladi. Umumiy ekin maydoni 116,2 ming ga. Shundan 18,7 ming ga don ekinlari bilan band. Shuningdek, paxta, sabzavot va kartoshka, ozuqa ekinlari ham ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 44,4 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 24,4 mingga yaqin sigir), 45,9 mingga yaqin qoʻy va echki, 44 mingga yaqin parranda, 1,5 mingdan ziyod yilqi boqiladi (2004). Yakkabogʻ tumanidagi oʻrmon xoʻjaliklarida dorivor oʻsimliklar yigʻiladi.[4]
Ijtimoiy soha
[tahrir | manbasini tahrirlash]2004/05 oʻquv yilidagi 107 umumiy taʼlim maktabida 53,8 ming oʻquvchi taʼlim oldi. Litseyinternat, sanʼat maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (2200 talaba), kasb-hunar maktabi (400 oʻquvchi) mavjud. 35 jamoat qutubxonasi, 6 klub muassasasi, madaniyat va istirohat bogʻi bor. „Nozigul“ folklor dastasi, „Dilnavoz“ xalq ansambli faoliyat koʻrsatadi. Stadion, bolalar sport maktabi mavjud. 4 sanatoriy aholiga xizmat koʻrsatadi. 4 kasalxona, vrachlik tibbiy punktlar, poliklinika, 3 ambulatoriya, tugʻruqxona majmuasi va boshqalar tibbiy muassasalarda 337 vrach, shuningdek, oʻrta tibbiy xodimlar ishlaydi. Tuman hududidan Qarshi – Kitob temir yoʻli, Katta Oʻzbekiston trakti (Toshkent – Termiz) oʻtadi. Tuman markazi (Yakkabogʻ shahri) bilan qoʻshni tumanlar va Qarshi shahri orasida avtobuslar qatnaydi.[4]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ СОАТО Система обозначений административно-территориальных образований, 28-avgust 2012-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 26-may 2013-yil
{{citation}}
: CS1 maint: date format () - ↑ Всемирный исторический проект[sayt ishlamaydi]
- ↑ ПОСТАНОВЛЕНИЕ КАБИНЕТА МИНИСТРОВ РЕСПУБЛИКИ УЗБЕКИСТАН 13.03.2009 г. N 68 О ДОПОЛНИТЕЛЬНЫХ МЕРАХ ПО СОВЕРШЕНСТВОВАНИЮ АДМИНИСТРАТИВНО-ТЕРРИТОРИАЛЬНОГО УСТРОЙСТВА НАСЕЛЕННЫХ ПУНКТОВ РЕСПУБЛИКИ УЗБЕКИСТАН
- ↑ 4,0 4,1 4,2 "Yakkabogʻ tumani" OʻzME. Ya-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |