Sulukta
Sulukta qirgʻizcha: Сүлүктү | |
---|---|
shahar | |
39°56′24″N 69°33′36″E / 39.94000°N 69.56000°E | |
Mamlakat | Qirgʻiziston |
viloyat | Botken viloyati |
Hukumat | |
• mer | Abduzakir Ibragimov |
Qachondan beri shahar | 1940 |
Maydon | 17.33 km2 (6.69 kv mi) |
Markazi balandligi | 1380 m |
Rasmiy til(lar)i | Qirgʻiz tili |
Aholisi (2009) |
20 725[1] |
Zichligi | 1 200 kishi/km2 |
Milliy tarkib |
qirgʻizlar oʻzbeklar tatarlar ruslar tojiklar |
Konfessiyaviy tarkib |
Musulmonlar xristianlar ateistlar |
Vaqt mintaqasi | UTC+6 |
Telefon kodi | +996 3653 |
Pochta indeks(lar)i | 720500[2] |
Sulukta (qirgʻizcha: Сүлүктү) — Qirgʻizistonning Botken viloyati gʻarbiy chekkasida joylashgan shahar. Sulukta Fargʻona vodiysining gʻarbiy chekkasida, uch tomondan Tojikiston bilan chegaradosh hudud ichida joylashgan.
„Sulukta“ soʻzi „zuluk“ degan turkiy soʻzdan kelib chiqqan degan fikr mavjud. Bu qarashga koʻra, Sulukta suvlarida zuluk koʻp boʻlgan, shuning uchun Sulukta haqida „bu joyning suvi zulukli“ deb yuritilgan va shu asnoda „sulukta“ soʻzi kelib chiqqan. Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Suluktada birinchi industrial koʻmir koni 1868-yilda ochilgan. 1940-yil Suluktaga shahar maqomi berilgan. Suluktada Qirgʻizstonda birinchi boʻlib sovet hokimiyati oʻrnatilgan.
Sulukta viloyatga boʻysunuvchi shahardir. Yaʼni, shahar hech bir tumanga kirmaydi. Qoʻshbuloq (eski nomi Vostochniy) shahar tipidagi posyelkasi va Kolso qishloqlari ham Sulukta shahar boshqarmasiga qaraydi. 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Suluktaning aholisi oʻsha yili 13 378 kishi, Sulukta va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi boʻlsa 20 725 kishi boʻlgan.
Suluktada Sovet Ittifoqi davrida bir necha yirik koʻmir konlari, zavod va fabrikalar faoliyat yuritgan. Ittifoq parchalanganidan keyin zavod va fabrikalarning koʻpchiligi yopildi. Bunga texnika va mutaxassislar kamayishi, samarasiz boshqarish hamda daromad ozligi sabab boʻldi. Bir paytlar muhim industrial markaz boʻlgan Sulukta hozirgi kunda tashqaridan qarovsiz qolgan shaharga oʻxshaydi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Suluktada birinchi industrial koʻmir koni 1868-yilda ochilgan. 1940-yil Suluktaga shahar maqomi berilgan. Suluktada Qirgʻizstonda birinchi boʻlib sovet hokimiyati oʻrnatilgan.
Sovet davrida Sulukta muhim ahamiyatga ega industrial shahar boʻlgan. Shaharda goʻsht kombinati, yogʻ, gʻisht zavodlari, tikuvchilik sanoati korxonalari boʻlgan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Suluktada istiqomat qilayotgan ruslar va tatarlarning aksari shaharni tark etishdi. Ketganlar orasida yetuk mutaxassislar koʻp boʻlgan. 1990-yillarda mutaxassis ozligi, sovet davrida mavjud boʻlgan savdo tarmoqlarining yoʻq boʻlishi, texnika eskirishi va boshqaruvdagi muammolar sabab Suluktadagi deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.
Geografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sulukta Botken Viloyatining gʻarbiy qismida dengiz sathidan 1,380 metr balandlikda joylashgan.[3] Shahar Turkiston togʻ tizmasining shimolidagi hududda joylashgan. Suluktaning relefini asosasin qirlar va past togʻlar tashkil qiladi.
Iqlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaharning iqlimi keskin kontinental boʻlib, qishda havo ancha sovuq, yozda boʻlsa ancha issiqdir. Qish uzoq davom etmaydi. Bahor va kuzda nisbatan koʻproq yomgʻir yogʻadi, ammo yoz fasli issiq va qurgʻoqchil oʻtadi. Suluktaning iqlimi Isfananing iqlimiga oʻxshash. Ammo, Suluktada yogʻingarchilik Isfanadagidan oz boʻladi.
Sulukta iqlimi | |||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Koʻrsatkich | Yan | Fev | Mart | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | Yil |
Oʻrtacha maksimal, °C | 4 | 6 | 13 | 22 | 28 | 34 | 36 | 33 | 29 | 20 | 15 | 5 | 20,4 |
Oʻrtacha minimal, °C | −2 | −1 | 4 | 11 | 15 | 20 | 21 | 19 | 14 | 8 | 4 | 0 | 9,4 |
Yogʻingarchilik meʼyori, mm | 18 | 24 | 24 | 24 | 18 | 9 | 3 | 6 | 3 | 27 | 15 | 30 | 201 |
Manba: [4] |
Demografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Suluktaning aholisi oʻsha yili 13 378 kishi, Sulukta va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi boʻlsa 20 725 kishi boʻlgan.[1] 1999-yilgi sanoqda Suluktaning umumiy aholisi 21 219 kishi deyilgan edi.[1]
Sulukta aholisining aksar qismi Rossiyada muhojir ishchidir. Chetda ishlayotgan Suluktaliklar soni haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.
Suluktada koʻp millat vakillari yashaydi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qirgʻizlar eng katta etnik guruhdir. 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Sulukta va unga qarashli qishloqlarda aholining etnik tarkibi quyidagichadir: 73.2 % qirgʻiz, 19.5 % oʻzbek, 3.6 % tatar, 2.6 % russ, 0.7 % tojik va qolgan 0.4 % i boshqa millat vakillaridir.[1]
Sulukta aholisi asosan Islom diniga sigʻinadi. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida. Suluktada oʻn besh masjid, bir pravoslav cherkovi bor.
2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Sulukta va unga qarashli qishloqlarning aholsi quyidagichadir:[1]
Aholi punkti | Aholi soni |
---|---|
Sulukta | 13 378 |
Qoʻshbuloq (eski nomi Vostochniy) |
6 632 |
Kolso | 715 |
Iqtisodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovet davrida Suluktada koʻplagan ishlab chiqarish fabrikalari va zavodlar boʻlgan. Bundan tashqari, bir necha yirik koʻmir konlari boʻlgan. Koʻmir bilan birgalikda gips, kvars qumi va ohaktosh kabi yer osti boyliklari ham qazib olingan. 1991-yil Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.
Sulukta aholisining aksar qismi Rossiyaga ishlagani boradi. Sulukta aholisi yana qoʻshni Qozogʻiston va Tojikistonga ham borib ishlaydi. Chetda ishlaganlarning aniq soni haqida toʻliq va ishonarli maʼlumot yoʻq.
Suluktada qolgan aholi boʻlsa asosan savdogarchilik bilan shugʻullanadi. Shaharda yirik bozor mavjud emas. Bir necha kichik bozorcha bor xolos. Sotuvchilar mahsulotlarini asosan Oʻsh, Qorasuv va Xoʻjanddan olib kelishadi.
Sulukta iqtisodi boshqa Qirgʻiziston shaharchalari iqtisodi kabi doʻkon iqtisodidir. Savdoning katta qismi bozor va doʻkonlarda amalga oshadi. Savdo odatda qattiq nazorat qilinmaydi.
Sulukta koʻmir koni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Bu yerda koʻmir 11-12-asrlardan beri qazib kelinadi.[5] Sulukta koʻmir konining geologik tuzilishi 1903-yildan boshlab oʻrganilgan. Sovet geologlariga koʻra, Suluktada paleozoy, mezozoy va kaynazoy eralarida hosil boʻlgan yotqiziqlar mavjud.
Asosiy koʻmirli qatlamlarning umumiy qalinligi 35-120 metr. Baʼzi yerlarda 600-750 metr chuqurlikda sanoat ahamiyatiga ega koʻmir qatlamlari bor. Asosiy koʻmir olinadigan qatlamning uzunligi 22 kilometr, qalinligi 0,1-18,0 metrga yetadi.[5]
Sulukta koʻmir konida asosan qoʻngʻir koʻmir bor. Bu koʻmir petrografik jihatdan fuzen-ksilen va klaren koʻmir turlariga mansub. Suluktada avval koʻmir ham ochiq, ham shaxta usulida qazib olingan. Hozir boʻlsa ochiq usulda qazib olish uchun kerak boʻlgan texnikaning yoʻqligi sabab koʻmir faqat shaxta usulida qazib olinadi. Bugungi kunda Sovet davrida faoliyat yuritgan yirik davlat shaxtalari oʻrnini xususiy shaxtalar egallagan.
Hukumati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suluktada mer va shahar kengashi shaharni boshqaradi. Mer ochiq saylovlarda saylanadi. Shahar Kengashida 19 aʼzo bor. Qoʻshbuloq (eski nomi Vostochniy) shahar tipidagi posyelkasi va Kolso qishloqlari ham Sulukta shahar boshqarmasiga qaraydi. Suluktaning hozirgi meri Abduzakir Ibragimovdir.[6]
Sulukta viloyat miqyosidagi shahardir. Yaʼni, shahar toʻgʻridan-toʻgʻri Botken viloyati qaramogʻida boʻlib, hech bir tumanga kirmaydi. Koʻp millatli boshqa Qirgʻiziston aholi punktlaridagidek Suluktada ham deyarli barcha davlat ishlarida qirgʻiz millatiga mansub kishilar ishlaydi.[7][8] Hukumat ishchilari orasida boshqa millat vakillari juda ham oz.
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maktablar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suluktada bir qancha taʼlim mahkamasi bor. Shaharda toʻqqizta oʻrta maktab bor. Bulardan biri texnik litsey, yana biri maktab-gimnaziyadir.
Maktablarda darslar qirgʻiz, oʻzbek va rus tillarida olib boriladi. Barcha oʻquvchilar qirgʻiz va rus tillarini oʻrganishadi. Bu ikki til Qirgʻizistonda rasmiy tildir. Maktablarda yana ingliz tili chet tili sifatida oʻqitiladi, ammo ingliz tili oʻqitish darajasining sifati yuqori emas. Umuman olganda Suluktada oʻzbek sinflardagi oʻquvchilar toʻrt, qirgʻiz sinflardagi oʻquvchilar uch tilni oʻrganishadi.
Kollej va litseyllar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suluktada uchta oliy oʻquv yurti bor. Sulukta gumanitar-iqtisodiy instituti yoki SGII (ruscha: Сулюктинский гуманитарно-экономический институт, СГЭИ) shahardagi eng yirik oliy oʻquv mahkamasidir.[9] Bu institut Botken davlat universitetiga yoki BatDU ga (ruscha: Баткенский государственный университет, БатГУ) qaraydi. Bundan tashqari, Suluktada BatDU ning muhandislik va iqtisod markazi (ruscha: Сулюктинский инженерно-экономический центр Баткенского государственного университета) hamda Pedagogik bilim yurti (ruscha: Сулюктинское педагогическое училище Баткенского государственного университета) ham bor.
Suluktada yana № 73-kasb-hunar litseyi bor. Litsey tikuvchilarni, duradgorlarni, elektr toki ishchilarini va haydovchilarni tayyorlaydi.
Madaniyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suluktada ikki kutubxona bor: umumiy kutubxona va bollar kutubxonasi. Bu kutubxonalarning ikkisi ham davlatga qarashlidir. Bolalar kutubxonasining ikki filiali bor. Biri shaharning oʻzida, ikkinchisi Qoʻshbuloq shahar tipidagi posyelkasida joylashgan. Umumiy kutubxonada 55 138 ta, bollar kutubxonasida boʻlsa jami 88 016 ta nusxa bor.[10]
Suluktada 1936-yil ochilgan bollar musiqa maktabi ham bor. U yerda oʻquvchilar qoʻshiq kuylashni, raqsga tushishni va turli xil musiqa asboblarini chalishni oʻrganishadi. Qoʻshbuloq qishlogʻida musiqa maktabining filiali faoliyat koʻrsatadi.
Suluktada faqat bitta park bor. Park yaqinida 5 000 tagacha tomoshabin sigʻadigan futbol stadioni mavjud. Suluktada yana madaniyat uyi faoliyat koʻrsatadi. Madaniyat uyining hozirgi binosi 1932-yil qurilgan.
Shahardan 35 km masofada Beles togʻ massivining tabiiy chegarasida „Togʻ Burguti“ bolalar lageri bor. Lager 1965-yil qurilgan. 2004-yil qayta taʼmirlangan. Lager bir potokda 500 bolaga xizmat koʻrsata oladi.
Transporti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovet davrida Suluktani Xoʻjand (oʻsha paytlarda Leninobod deb atalgan) bilan tor izli temir yoʻl bogʻlab turgan. Hozir bu temir yoʻl ishlamaydi. Suluktada aeroport yoʻq. Shaharga eng yaqin aeroport Isfanada joylashgan. Bu ikki shahar orasidagi masofa 16 kilometrdir. Suluktani Laylak tumanidagi boshqa aholi punktlari bilan avtomobil yoʻllari bogʻlab turadi. Sulukta bilan poytaxt Bishkek orasidagi masofa 950 kilometrdir.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „2009 Population and Housing Census“ (Russian). The National Statistical Committee of the Kyrgyz Republic (2010). 2011-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-noyabr 2013-yil. (Wayback Machine saytida 10-avgust 2011-yil sanasida arxivlangan)
- ↑ „Sulukta“ (ruscha). SPR. 11-noyabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-may 2013-yil. (Wayback Machine saytida 11-noyabr 2013-yil sanasida arxivlangan)
- ↑ Aminov, Sayitmamat. Кылым сырын каткан шаар (Kyrgyz) A. Sultanov: . Osh: Osh Disctrict Printing House, 1998 — 12-bet.
- ↑ „Sulyukta Weather“. World Weather Online. Qaraldi: 12-noyabr 2013-yil.
- ↑ 5,0 5,1 Zufarov, Komiljon, ed (1978). "Sulukta" (oʻzbekcha). Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 10. Toshkent. 412 b.
- ↑ „Abduzakir Ibragimov elected the mayor of Sulukta“ (28-yanvar 2013-yil). Qaraldi: 12-noyabr 2013-yil.
- ↑ „Kyrgyzstan: Widening Ethnic Divisions in the South“ (Report). International Crisis Group (29-aprel 2012-yil). 24-noyabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 15-noyabr 2013-yil.(Wayback Machine saytida 24-noyabr 2013-yil sanasida arxivlangan)
- ↑ „Uzbeks of Kyrgyzstan complain of discrimination and corruption“ (ruscha) (30-yanvar 2006-yil). 29-fevral 2012-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-noyabr 2013-yil.
- ↑ „Official Website“ (ruscha). Sulukta Institute of Humanities and Economics. 13-noyabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 13-noyabr 2013-yil. (Wayback Machine saytida 13-noyabr 2013-yil sanasida arxivlangan)
- ↑ „Sulukta: City Profile“. The Association of Municipalities of the Kyrgyz Republic. 12-noyabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-noyabr 2013-yil. (Wayback Machine saytida 12-noyabr 2013-yil sanasida arxivlangan)
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiomborda Sulukta haqida turkum mavjud |
- Shahar 36-53, Sulukta shahrining norasmiy sayti (rus.)
- Sulukta xaritasi, MSN (ingl.)
- Sulukta profili (Wayback Machine saytida 27-iyul 2010-yil sanasida arxivlangan), Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi (rus.)
- Unutilgan shaharlar: Sulukta — shaxterlarning birinchi shahri, Ozodlik radiosi (rus.)
- Sulukta (Wayback Machine saytida 11-noyabr 2013-yil sanasida arxivlangan), SPR (rus.)
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Sulukta markaziy parkida bolalar charxpalagi
-
Sulukta madaniyat uyi
-
Suluktaning Qoʻshbuloq (Vostochnyi) qismidagi sovet davrida qurilgan sex
-
Qoʻshbuloqda sovet davrida qurila boshlangan binolar
-
Suluktaga kirib borishdagi qiyalikdagi manzara
-
Suluktada qish