Fantaziya (musiqa)
Fantaziya (musiqada) – badiha uslubidagi janr; muayyan kompozitsion qoliplarga bogʻlanmagan (koʻpincha cholgʻu) musiqa asarlaridan iborat. XVI— XVII asrlarda improvizatsiya namunalari asosida yuzaga kelgan. XVIII asrda klavir va organ uchun (ayniqsa, turkumli asarlarda muqaddima koʻrinishida) fantaziyalar keng rivoj topdi (I. S. va K. F. E. Baxlar, V. A. Motsart va boshqalar). Romantik kompozitorlar fantaziyaga alohida ahamiyat berib, unda turli (jumladan, turkum va sonata) shakl va janr xususiyatlarini mujassam etgan (F. Shubert, F. Shopen, R. Shuman). XIX asrdan koʻp fantaziyalar xalq kuylari yoki biror kompozitor asarlari mavzulariga asoslanadi (F. List, N. RimskiyKorsakov va boshqalar). Shuningdek, muayyan mavzuli, simfonik fantaziyalar ham uchraydi (M.Musorgskiy, R. Raxmaninov, P. Chaykovskiy va boshqalar). Oʻzbekiston kompozitorlaridan S. Yudakov, B. Giyenko, S. Karimhoji, A. Latifzoda va boshqalar turli fantaziyalar yaratishgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |