Nozim Hikmat
Nozim Hikmat (Nazim Hikmet Ran) (1902.20.1, Saloniki - 1963.3.4, Moskva) — turk shoiri va jamoat arbobi. Turk sheʼriyatiga yangi ritm va erkin sheʼr janrini olib kirgan. Harbiy-dengiz bilim yurtida oʻqigan. "Qirq haromilar asiri" sheʼri (1920) Turkiyaning mustamlakachilik kishanlariga tushayotganiga qarshi yozilgani uchun inglizlar va sulton saroyi tomonidan taʼkib etilgan. N. H. R. shu yili inglizlar zabt etgan Istanbulni tark etib, Anatoliyaga koʻchib oʻtadi. Gʻarb davlatlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash gʻoyalari taʼsirida Moskvaga kelib (1922), Sharq xalqlari mehnatkashlari kommunistik universitetida oʻqiydi. Vataniga qaytgach (1924), adabiy faoliyat bilan shugʻullanadi. 1927-yil kommunistlar va ularga maslakdosh kishilarning kuvgʻin qilinishi bilan N. H. R yana shoʻrolar mamlakatiga keladi. Shoirning "Quyosh ichganlar qoʻshigʻi" nomli dastlabki sheʼriy toʻplami Bokuda chop etiladi (1928). N. H. R. budavrda V. V. Mayakovskiy estetikasi taʼsirida intim tuygʻular tasviridan ongli ravishda qochib, minbar sheʼriyat namunalarini yaratadi. Shu yili Turkiyaga qaytib, gazeta tahriri-yatida ishlaydi, N. H. R. shu yillarda "835 satr" (1929), "Varan-3" (1930), "Sasini yoʻqotgan shahar" (1931) sheʼriy toʻplamlari, "Jiokonda va SiYa-u" (1929) romani, "Benerji oʻzini nega oʻldirdi?" (1932) sheʼriy romani, "Bosh chanogʻi" (1932), "Unutilgan odam" (1935) pyesalarini yozib, nafaqat Turkiya, balki yer yuzida roʻy berayotgan muxim voqealarga munosabat bildirishga urinadi.
N. H. R. umrining aksar qismini quvgʻinda oʻtkazgan va jami 17 yil qamoqda yashagan. Shu davrda u 20-asrning oʻziga xos poetik tarixi — "Inson manzaralari" (1941) epo-peyasi, "Turmadan xatlar" sheʼriy turkumi, "Bir sevgi afsonasi" (1965) hamda "Yusuf va Zulayho" pyesalarini yaratgan.
1950-yil jahon jamoatchiligi N. H. R.ning ozod etilishiga erishdi. U yana shoʻrolar mamlakatiga koʻchib kelib (1951), adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan shugʻullanadi. "Turkiyada" (1952), "Anoyi" (1955), "Bekat" (1958), "Tartyuf-59" (1959), "Damokl qilichi" (xotini S. Tulyakova bilan hamkorlikda, 1960) singari pyesalar, sheʼr va dostonlar yozadi.
Oʻzbekistonda N. H. R. ijodiga qiziqish 1928-yildayoq boshlangan. Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Mirtemir va boshqa N. H. R.ning koʻplab asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. "Turkiya haqida hikoya" pyesasi hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatrida, "Bir sevgi afsonasi" pyesasi asosidagi balet esa Navoiy nomidagi davlat akademik kat-ta teatrida sahnalashtirilgan.
N. H. R. Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilari harakatining qatnashchisi, Jahon Tinchlik Kengashi byurosi (1951) va hayʼati (1959) aʼzosi, Xalqaro tinchlik mukofoti sovrindori (1950).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sheʼrlar, Poema, Pyesa, T., 1953; Bir sevgi afsonasi, T., 1955; 65 sheʼr, T., 1962; Surur [roman], T., 1966; Inson manzaralari, T., 1982; Qon gapirmas [roman], Oshiq bulut [ertaklar], T., 1987.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Babayev A., Nazim Xikmet, M., 1957; Fish R., Nazim Xikmet, M„ 1968. Naim Karimov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |