Kontent qismiga oʻtish

Qovunchi ota ziyoratgohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qovunchi ota ziyoratgohi
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Fargʻona
Tuman: Fargʻona
Maqomi: Qabriston
Dafn etilgan: Xoja Abdulhakim Termiziy

Qovunchi ota ziyoratgohi — Fargʻona viloyati Fargʻona tumanining Gulshan qishlogʻida joylash­gan qadamjo[1]. Xalq orasida Qalbi chin ota ziyoratgohi degan nom bilan ham mashhur.

1984-yilda yozilgan arxiv hujjatlarida Qovunchi ota (Qalbi chin ota) ziyoratgohi toʻgʻrisidagi ayrim maʼlumotlar uchraydi. Qovunchi ota (Xoja Abdulhakim Termiziy) ziyoratgohida uchta qabr mavjud. Ulardan ikkita qabrga (xotini va oʻziga) yangi maqbara qilingan. Uchinchisi kuyovining qabri deyiladi. Toshmuhammad Sodiqov (83 yoshda, koʻzi ojiz) 1918-yildan beri shu mozordagi eski masjid ichida istiqomat qiladi. Uning soʻzlariga qaraganda, Abdulhakim Termiziy bu yerlarga chetdan kelib qolgan. Qovun ekib dehqonchilik qilib kun kechirgan. Bir kuni Buxoro podshosi shu yerdan oʻtayotib askarlari bilan birga qovun yemoqchi boʻladi. Shun­da Qovunchi ota podshoga qovunlar hali yetilmaganini, qaytish vaqtlarigacha albatta yetilishini aytadi. Podsho aytilgan vaqtdan ancha avval qaytib kelsa, qovunlar polizda pishib yotgan boʻladi. Shunda podsho qovunchi chol oddiy dehqon emas, balki valiylardan ekanini anglab, unga „Qovunchi ota“ deb hurmat koʻrsatadi. Shundan keyin Abdulhakim Termiziyning nomi Qovunchi ota nomi bilan mashhur boʻlib ketadi. Ziyoratgoh katta bogʻning chekkasida, mahalla oʻrtasida joylashgan. Jamoa xoʻjaligining 1984-yil 16-iyuldagi 12-sonli qarori bilan hudud dam olish zonasiga aylantirilgan. Bogʻga qorovul qilib Mirkomil Imomnazarov tayinlangan. Ziyoratgoh atrofida choyxona qurilishi boshlanib, poydevorlari tiklangan. Dam olish maskaniga maqbara va masjid diniy ruh berib turadi. Bogʻ oldida „Qozining qoʻrgʻoni“ bor. Bu yer 1917-yilda yuz bergan inqilobdan oldingi qozi Badriddinning uyi boʻlgan[2].

Ziyoratgohni aynan Hakim at-Termiziy nomi bilan bogʻlashda maʼlum bir sabablar mav­jud. Yaʼni ziyoratgohga aslida Hakim at-Termiziy avlodlaridan biri dafn etilgan boʻlishi mumkin degan qarashlar mavjud. Chunki Fargʻona vodiysida u zotning avlodlari nomi bilan bogʻlik ziyoratgohlar koʻplab uchraydi.

  1. „„Qalbi chin ota“ ziyoratgohi haqida eshitganmisiz?“. Farg'ona Madaniy meros boshqarmasi. Qaraldi: 23-iyun 2023-yil.
  2. Baxtiyor Eraliyev, Ikromiddin Ostanaqulov, Nodirjon Abdulahatov. Oʻzbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari: Fargʻona viloyati. Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014 — 188-bet. ISBN 9789943335240.