Kontent qismiga oʻtish

Sadkak ota ziyoratgohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sadkak ota ziyoratgohi
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Fargʻona
Shahar: Fargʻona
Maqomi: Qabriston
Dafn etilgan: Sadkak ota
Barpo etilgan: XII asr
Buzib tashlangan: 1985-yil

Sadkak ota ziyoratgohi — Fargʻona viloyati Fargʻona tumanining Sadkak qishlogʻida joylash­gan qadamjo[1].

Sadkak ota mozori qachon va kim tomonidan barpo etilgani maʼlum emas. Ammo mozorning XIX asrga oid qozilik hujjatlarida aks etishi koʻhna ziyoratgohlardan biri ekanligini anglatadi. Ziyoratgohning dastlabki qurilgan binosi saqlanib qolmagan. Maʼlumotlarga qaraganda, Sadkak ota ziyoratgohi ikki marta, yaʼni 1938- va 1986-yillarda buzib tashlangan[2]. Ateistik ruhdagi asarlarda Fargʻona viloyati ziyoratgohlari xususida ham fikrlar keltirilgan. A.Alimuhamedovning „Muqaddas“ va „Qadamgoh“ va ularning zararlari" nomli risolasida Fargʻona vodiysidagi muqaddas ziyoratgohlar toʻgʻrisida, jumladan Sadkak ota mozori haqida ham maʼlumotlar qoldirgan. Bu mozor toʻgʻrisida xalq oʻrtasida turli diniy rivoyatlar tarqalgan. Bu yerdagi shayxlarning bir qismi asl nomi „Sadkokiy“ boʻlgan bir moʻysafid zot umrining oxirida shu adir orasiga kirib koʻzdan gʻoyib boʻlgan deyiladi. Baʼzilari bu yerda ancha oldin „Sadkak eshon“ oʻtgan, u yashagan yerlarini ziyorat qilish ham farz va ham sunnat, deb tushuntirishga harakat qiladilar.

Baʼzi manbalarda Sadkak ota aslida Yusuf Sakkokiy deb tilga olinadi.

Sadkak qishloq kengashi 1929-yilida tashkil etilgan. Oʻsha paytda uning tarkibiga Birinchi Shoʻro (Fargʻona shahridagi ruslar qabristoni atrofi), Oʻrta shoʻra, Oqariq, Kirgʻizshoʻro, Oqbilol, Sadkak qishloqlari kirgan. Kichikroq bir mahalla avval „Sadkak“, soʻng „Sadkokil“ deb yuritilgan. keyinchalik bu nom Sadkak nomiga almashgan.

Fargʻonadan Qoʻqon tomonga chiqib ketishdagi togʻlar orasida Sadkak qishlogʻi joylashgan. Qishloq yuqorisida 7 ta buloq bor. Buloqlar yoqasiga sada, qayragʻoch, baqateraklar ekilgan. Daraxtzor qarshisida, qir yonbagʻrida, Sadkak ota maqbarasi joylashgan. Sadkak bobo mozori deb ham ataladi. Bu yerga atrof shahar va tumanlardan ziyoratchilar kelgan. Qabrni tekshirib koʻrgan olimlar uning taxminiy yoshini 800-850 yil deb belgilaganlar.

1985-yili baʼzi rahbarlar buyrugʻi bilan qabrni oʻrganish ishlari toʻxtatildi. Ziyoratgoh diniy sarqit makoni deb eʼlon qilindi va buzib tashlandi. Guvohlarning soʻzlariga qaraganda, qabr buzilayotgan paytda ichidan eski kitob ham chiqqan ekan. Afsuski, qadimiy kitob maxsus kimyoviy moddalar bi­lan ishlov berilmasdan olinishi natijasida titilib ketgan[3].

  1. Ma’sudjon Sulaymonov „Farg‘onaga sayohat qiling“. uza.uz. Qaraldi: 23-iyun 2023-yil.
  2. „Fargʻona viloyati“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 23-iyun 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
  3. Baxtiyor Eraliyev, Ikromiddin Ostanaqulov, Nodirjon Abdulahatov. Oʻzbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari: Fargʻona viloyati. Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014 — 181-bet. ISBN 9789943335240.